2008—2011-yillar davomida Toshkentning “Paxtakor” klubi sharafini himoya qilgan chernogoriyalik Darko Markovich “Championat.asia” nashri bilan suhbatda bo‘ldi.
“‘Paxtakor’ hozir avvalgi darajasida emasligini bilaman. Men o‘ynagan vaqtda bundan kuchliroq edi. Oilam bilan klubni va u bilan o‘tgan shirin xotiralarni doim eslab turamiz”, — degan Darko Markovich.
“Hozir Toshkentning ‘Lokomotiv’ klubi juda kuchli. Unga Mirko Yelichich murabbiy bo‘lganini eshitib, xursand bo‘lgandim. Chunki Mirkoni inson sifatida hurmat qilaman. ‘Paxtakor’da o‘ynab yurganimda mendan maslahatlarini ayamasdi”, — deb aytib o‘tgan Markovich. Qayd etish kerak, Mirko Yelichich boshqaruvida “Lokomotiv” O‘zbekiston Oliy Ligasi va mamlakat kubogida chempionlikni tantana qildi.
“Toshkentning uch klubidan taklif bo‘lsa, albatta ‘Paxtakor’ni tanlagan bo‘lardim. Biroq aytishim kerakki, ‘Lokomotiv’ yoki ‘Bunyodkor’dan taklif tushsa, ularni ham o‘ylab ko‘raman. Ahir men futboldan oilamni, bolalarimni boqaman. Hozir oilam kasbimdan xavotirga tushgan”, — dedi 29 yoshli futbolchi.
Markovichning so‘zlariga ko‘ra, u ayni vaqtda yaxshi sport formasida. Chernogoriyaning “Jeleznichar” klubida to‘p surmoqda.
Avvalroq moldovalik futbolchi Vadim Chemirtan bolalarining qornini to‘ydirish uchun ham “Buxoro” safidan “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tayotganini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston Oliy Ligasining 2017-yilgi mavsumiga qur’a tashlash marosimida PFL bosh direktori Farhod Magomedov 2016-yilgi mavsum O‘zbekistonda 51 nafar legioner to‘p surgani haqida aytib o‘tgandi. Magomedov ular oilasini boqish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurganmi yoki boshqa maqsadda, oydinlik kiritmagan.
Avvalroq tashkilot G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi serbiyalik futbolchiga qarzini o‘z vaqtida to‘lab bermagani uchun 3 ochkodan mahrum qilingandi. Magomedovning so‘zlariga ko‘ra, “Sho‘rtan” ham ochkolarsiz qoldi, ham futbolchidan qarzini uzishga majbur bo‘ldi.