O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi saylandi

2016-yilning 20-dekabr kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda federatsiya rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: “Profzdrav.uz”

Foto: “Profzdrav.uz”

Unda Federatsiya Kengashi a’zolari va mas’ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamda hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari raislari ishtirok etdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari T.Narbayeva olib bordi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida tashkiliy masala ko‘rildi.

2010-yil 21-dekabrdan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Narbayeva Tanzila Kamalovna 2016-yil 14-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangani munosabati bilan “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ Bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Rafikov Qudratilla Mirsagatovich O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi etib saylandi.

Rafikov Qudratilla Mirsagatovich mehnat faoliyati davomida qator davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

1993—1998-yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi muovini, 1998-yildan 2003-yilgacha Jizzax viloyati kasaba uyushmalari Kengashi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Aripov Abdulla Nigmatovich, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Davron Abitovich Nazarmuhammedov ishtirok etdi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing