O‘zbekiston bosh vaziri virtual qabulxonasiga sportga oid 1100 ta murojaat kelib tushgani aytilgandi. Ularning ayrimlari o‘z yechimini topgani haqida “Sport” gazetasi “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Misol uchun, Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar Saidbek Hojimatov va Nazirbek Ergashev “Bunyodkor” futbol maktabida shug‘ullanish istagini bildirgan. Murojaat klub rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqilib, ular jamoa qoshidagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi mashg‘ulotlariga qabul qilingan.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida istiqomat qiluvchi Ra’no Xudoyorova farzandining “Bunyodkor” klubi bilan xalqaro musobaqalarga chiqishida yordam so‘ragan. Uning murojaati ijobiy hal qilib berilgan.
Avvalroq Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev intervyu berib, murojaatlarga asosli javob berish maqsadida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida maxsus shtab tashkil etilgani haqida aytib o‘tgandi. Ishchi guruh a’zolari ertalab 8 dan 11 gacha maxsus qabullarni tashkil etmoqda. Ular orasida O‘FF bosh kotibi, terma jamoalar markazi va PFL direktorlari, huquqshunoslar bor.
Izoh (0)