Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) sobiq rahbari Alfredo Xavit, shuningdek, Gonduras futbol federatsiyasi va mamlakat sobiq prezidenti Rafael Kalyexas futbolga oid faoliyatdan umrbod chetlatildi. Bu haqda FIFA rasmiy saytiga tayanib, “Chempionat” xabar bermoqda.
Bunday qaror FIFA Axloq qo‘mitasining Arbitraj palatasi tomonidan qabul qilindi. Ikkala mansabdor avvalroq talonchilik, qalloblik va poraxo‘rlikda o‘z aybini tan olgandi.
Jumladan, Rafael Kalyexas marketing va teletranslyatsiya bo‘yicha FIFA komissiyasi a’zosi bo‘lganida 1,6 million dollar pora olgani ta’kidlanmoqda. Kalyexasning sudi 2017-yilning 27-yanvar kuni, Xavitning sudi esa 2017-yilning 24-mart kuni AQShda bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Rafael Kalyexas 2011–2015-yillar davomida Gonduras futbol federatsiyasini boshqargan. Bundan tashqari, u 1990–1994-yillarda mamlakat prezidenti bo‘lgan. Alfredo Xavit 2015-yilning may oyidan 2015-yilning dekabr oyiga qadar KONKAKAF prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.