4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning taniqli jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishganingiz bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz. G‘oyat mas’uliyatli faoliyatingizda Sizga omad va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud do‘stlik munosabatlarini yanada kengaytirishimiz va rivojlantirishimiz zarur.
O‘zbekistonda demokratik, huquqiy va fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda Sizga kuch-g‘ayrat tilayman. Siz bu borada bundan buyon ham Germaniyaning hamkorligi va qo‘llab-quvvatlashiga ishonishingiz mumkin.
Hurmat bilan,
Angela Merkel,
Germaniya Federativ Respublikasi
Federal kansleri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janob Prezident!
Siz, Janobi Oliylarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan muborakbod etishdan g‘oyat mamnunman.
Siz, Janobi Oliylari Bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatgan paytingizda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslaringizni O‘zbekiston hukumati izchil davom ettirishiga tilakdoshman.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, yaqinda kuchga kirgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi va Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar inobatga olinganda, ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidlashni istardim.
Janob Prezident, Siz bilan hamkorlikda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samimiy munosabatlarni yanada kengaytirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimni ishga solishga qat’iy intilaman.
Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Mishel Temer,
Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga Jazoir xalqi, hukumati va shaxsan o‘z nomimdan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yo‘llab, yurtingiz ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilashdan behad xursandman.
O‘zbekiston xalqining o‘tish davridagi yuqori mas’uliyati hukumat boshqaruvining ravon kechishiga zamin yaratganini alohida ta’kidlayman.
O‘zbekiston xalqining Sizga bo‘lgan to‘liq ishonchi mamlakatingizni barcha sohalarda rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona faoliyatingiz hamda yurt tinchligi va barqarorligini ta’minlashingizga bo‘lgan ishonchining yorqin ifodasidir.
Fursatdan foydalanib, davlatlarimiz o‘rtasidagi mavjud hamkorlik va do‘stlik rishtalaridan mamnunligimni izhor etib, do‘st mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida barcha sohalarda hamkorlik munosabatlarimizni yuqori pog‘onalarga olib chiqish tarafdori ekanimni ta’kidlayman.
Janobi Oliylari, samimiy ehtiromlarimni qabul qilgaysiz!
Abdulaziz Buteflika,
Jazoir Xalq Demokratik
Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi nomidan tabriklayman. Prezident lavozimiga kirishganingiz munosabati bilan Sizga va butun O‘zbekiston xalqiga eng ezgu istaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan samarali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida ta’kidlanganidek, sport tinchlik va taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim omildir. Sport O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Bunga biz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorligimiz tufayli yaqqol guvoh bo‘lib turibmiz.
Sizni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Rio – 2016 olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. Mamlakatingiz sportchilari yuksak natijalari bilan butun O‘zbekiston xalqiga katta quvonch va g‘urur bag‘ishladi.
Janobi Oliylari, Sizni Prezident etib saylanganingiz bilan yana bir bor muborakbod etishga ruxsat bergaysiz. Sizga va xalqingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Sizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Tomas Bax,
Xalqaro olimpiya
qo‘mitasi prezidenti
Shuningdek, quyidagilar o‘z qutlovlarini yo‘llagan:
YuNESKO Bosh direktori — Irina Bokova
Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi — Kunio Mikuriya
BMTning narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Bosh direktori — Ijrochi direktori — Yuriy Fedotov
Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi — Zigfrid Brake
Yevropa parlamenti deputati, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan hamkorlik delegatsiyasi a’zosi — Ismoil Ertug
“Kuvaytning baxtli oilasi” jamiyati raisi — Shayx Farixa al-Ahmad al-Jobir as-Saboh
Picanol kompaniyalar guruhining boshqaruvchi direktori — Lyuk Tak
Class Central Asian Investment GmbH kompaniyasi ijrochi direktori, Class boshqaruvi a’zosi – Bernd Lyudevig
Rossiya neft-gaz sanoatchilari uyushmasi kengashining raisi – Yuriy Shafranik
Vilgelm nomidagi Vestfal universitetining Germanistika instituti direktori – professor Tomas Tomasek
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.
Izoh (0)