Nissan kompaniyasi Parijda tashrif buyuruvchilar elektr energiyasi bilan haq to‘lashi mumkin bo‘lgan kafe ochdi. Nissan Electric Cafe mehmonlarga ichimliklar olish uchun mustaqil ravishda elektr energiyasi ishlab chiqarishni taklif qiladi, deb yozadi Motor.
Kafega tashrif buyurganlar odatiy to‘lov o‘rniga WeWatt tomonidan ishlab chiqarilgan bar stullarida o‘tirib, pedallarni aylantirib, energiya ishlab chiqarishi mumkin.
Muassasada, shuningdek, surat olish uchun fotostudiyada maxsus Pavegen plitkalarida sakrash ham mumkin. Elektromagnit induksiyasi tamoyili asosida ishlovchi xuddi shunday plitkalar kafe koridoriga ham joylashtirilgan. Mehmonlar uning ustidan o‘tayotib ham elektr energiya ishlab chiqaradi.
16—18-dekabr kunlari faoliyat ko‘rsatuvchi kafe Leaf elektromobillarining butun dunyo bo‘yicha uch milliard kilometr bosib o‘tganligi sharafiga ochildi. Nissan hisob-kitobiga ko‘ra, bu atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqarilishini 500 million kilogrammga qisqartirgan.
Shu bilan birga Nissan yangi Electrify The World raqamli platformasining ishga tushirilganligini e’lon qildi. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlardagi faollik va maxsus forum yordamida odamlarni ekologik toza hayot tarzi haqida muloqot qilishga ruhlantirish niyatida.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.