Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi safida Osiyo Chempionatida ishtirok etgan Abdulhay Ismoilovning qonidan taqiqlangan modda topilgani uchun, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi uni bir yilga futboldan chetlashtirgandi.

Foto: CA

Foto: CA

Unga ko‘ra, Ismoilov 2017-yilning 2-noyabr sanasiga qadar futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi. Boisi, u Osiyo Chempionatidan joy olgan Iroq hamda KXDR termalariga qarshi o‘yinlardan keyingi doping nazoratidan o‘ta olmagan.

O‘FF terma jamoalar markazi xodimi Sherzod Egamberdiyev mazkur holat yuzasidan izoh berib, uni Facebook’dagi sahifasiga joylashtirdi. Bu bilan u Abdulhay Ismoilov taqiqlangan moddani qasddan emas, balki majburan qabul qilganini tushuntirgan.

Osiyo Chempionatiga yo‘l olish uchun O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Falastindagi saralash turnirini 2015-yil muvaffaqiyatli bosib o‘tgan. Terma bilan Falastinga jo‘nab ketgan Abdulhay Ismoilov o‘sha yerning o‘zida ko‘richak muammosiga duch kelgan. Operatsiya Falastinning o‘zida amalga oshib, futbolchining ko‘richagi olib tashlangan.

Shundan keyin futbolchi sezilarli ravishda vazn yo‘qota boshlagan va doktorga murojaat qilgan. O‘zi tug‘ilgan Namangan shahridagi klinikilardan biri Ismoilovga “Retabolil” tavsiya qilgan. Distrofiyaning ikkinchi bosqichi tashhisi bilan o‘smir futbolchi tavsiya qilingan moddadan shu yilning iyul oyida foydalangan, sentabrda esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bilan Osiyo Chempionatiga jo‘nab ketgan.

“Retabolil” moddasini organizmdan chiqarib tashlash uchun 6—7 kun vaqt kerak bo‘ladi, deb tushuntirish bergan O‘FF xodimi. Biroq futbolchi bu moddaning futbolda taqiqlanganidan xabardor bo‘lmagan. Terma jamoa shifokorining bu boradagi so‘roviga jiddiy e’tibor qilmagan.

O‘FF mazkur holatni OFKga tushuntirishga harakat qildi. Futbolchi “Retabolil”ni tezlik yoki quvvatni oshirish uchun emas, balki vazn yig‘ish uchun qabul qilganiga oydinlik kiritdi. Tashkilot buni tushungan bo‘lishi mumkin, biroq oddiy ehtiyotsizlik sabab futbolchining organizmidan topilgan modda uchun Abdulhay Ismoilov baribir diskvalifikatsiya muddatini o‘taydi.

Sherzod Egamberdiyevning ta’kidlashicha, futboldan 1 yilga chetlashtirilgan futbolchiga vaziyatni tushunmasdan turib, uni o‘zicha sharhlayotgan kishilarning izohlari yanada ko‘proq zarba bo‘lishi mumkin. Shu boisdan ham Egamberdiyev OAVdan xabarga izoh qoldirish funksiyasini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik futbolchidan doping topilishi holati ilk marta kuzatilayotgani yo‘q. Avvalgi shunday holatga ham Ismoilov familiyali futbolchi — Anzur Ismoilov tushib qolgan edi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Bahraynga qarshi bo‘lib o‘tgan JCh—2010 saralash uchrashuvidan keyin Anzur Ismoilovning qonidan Tetragidrokannabinol Metabolite moddasi topilgan bo‘lib, himoyachi futboldan 3 oyga chetlatilgan edi.

anzur_ismailov_uzb_8x4