O‘zbekiston 2-ligasini muvaffaqiyatli yakunlagan “G‘allakor-Barsa” klubi 1-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2017-yilgi mavsum davomida klub Oliy Liga yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Samarqand shahridagi pulka o‘yinlarida “G‘allakor-Barsa” klubi 3 ta o‘yinda 7 ochko jamg‘arib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘z vaqtida O‘zbekiston Oliy Ligasida to‘p surgan va Madridning “Real” klubi formalaridan foydalangan Surxondaryoning “To‘polang” klubi “G‘allakor-Barsa” tomonidan 6:0 hisobida taslim etildi. Aynan shu g‘alaba pulkada hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Jizzax viloyatining “G‘allakor-Barsa” klubi qatorida Buxoroning “G‘ijduvon”, Yangiyerning “Yangiyer”, Farg‘onaning “Istiqlol” klublari ham O‘zbekiston birinchiligida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Surxondaryoning “To‘polang” klubi 1-ligaga yo‘l olib, viloyatning katta futboldagi yagona jamoasiga aylanib olishi mumkin edi. Biroq bunga muvaffaq bo‘linmadi. O‘zbekiston Oliy va 1-ligasida faqatgina Surxondaryo viloyatidan birorta ham klub ishtirok etmaydi.
Izoh (0)