Iroq armiyasi qo‘mondonligi IShID terrorchi guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy qayerda o‘rnashgani haqida ma’lumotga egaligini bayon qildi. Bu haqda, maxsus mo‘ljal qo‘shinlari komandiri general-mayor Fozil Barvariyga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Al-Bag‘dodiy o‘n yil davomida Iroq qamoqxonalarida saqlangan. Hukumat u haqda yetarli ma’lumotga ega. Hozir u Mosul g‘arbidagi al-Ba’j shahrida o‘rnashgan”, — ma’lum qildi harbiy.
Uning so‘zlariga qaraganda, terrorchilar rahbari yer ostida bo‘lib, doimiy ravishda ko‘chib turibdi. Bundan tashqari, u muntazam ravishda tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishi — soqolini goh oldirishi, goh o‘stirishi, yuzini plastik operatsiya qildirishi aytilmoqda.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.