2016-yilning mart oyida 80 yoshni qarshilagan O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova kecha, 15-dekabr kuni Toshkentdagi “Ummon” restoranida ziyofat berdi. Bu haqda O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlariga asoslanib, “Qalampir.uz” xabar bermoqda.
To‘ti Yusupovaning yubileyi munosabati bilan u tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida katta tadbirlar bo‘lib o‘tgandi. Samarqand davlat drama va musiqa teatrida To‘ti Yusupova tavalludiga bag‘ishlangan ijodiy kecha ham tashkil etilgan edi.
O‘zbekiston xalq artisti yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan ziyofatga O‘zbek milliy akademik drama teatrining aktyorlari, yosh ijodkorlar, rejissyorlar, kino va teatr san’atining ko‘zga ko‘ringan vakillari tashrif buyurgani ta’kidlanmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, bugun, 16-dekabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida ham To‘ti Yusupovaning 80 yoshga to‘lgani munosabati bilan katta bayram sifatida nishonlanadi. Tadbirda teatr va kino san’atining ko‘plab taniqli ijodkorlari ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, To‘ti Yusupova 1936-yili Samarqand shahrida tavallud topgan. 1957-yildan boshlab u san’at bilan shug‘ullana boshladi. Bugungi kunga qadar aktrisa 200 ga yaqin spektakllar, 100 dan ortiq filmlar, 500 ga yaqin videofilmlarda suratga tushgan.
To‘ti Yusupova “Kelinlar qo‘zg‘aloni” spektakldagi Sotti obrazi, “Abdullajon”dagi Xolida roli bilan ko‘pchilikning yodida qolgan.
To‘ti Yusupova 1970-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 1993-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlari, 2000-yilda “El-yurt hurmati”, 2014-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)