Turkiya birinchi ligasi ishtirokchilari bo‘lgan “1207 Antalyaspor” hamda “Kirechburun” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda nigeriyalik futbolchi qiz Ijeoma Deniyels jarohat oldi, deb xabar berdi “Azerisport.com” nashri.
Jarohatlangan qiz yechinish xonasiga bir amallab yetib olish uchun harakat qilayotgandi. Buni ko‘rgan raqib jamoaning ozarbayjonlik a’zosi Aysun Aliyeva darhol raqibasiga yordamga keldi va uni yelkasiga opichib oldi.
O‘z navbatida bu holat Turkiya OAV e’tiboridan chetda qolmadi. Mahalliy fotojurnalistlardan bunday mehribonlik erkaklar futbolida uchramasligini ta’kidlab, Aysunga “feyr pley” sovrinini topshirish taklifi bilan chiqdi.
Aliyevaning so‘zlariga ko‘ra, u avvaliga nigeriyalik raqibasini qo‘llaridan tutib, unga ko‘maklashmoqchi bo‘lgan. Biroq og‘riq azobidan qiynalayotgan qiz juda sekin yurayotgani bois, manziliga yetib olishi uchun ko‘p vaqt ketardi. Shu boisdan ham u qizni yelkasiga opichlab olgan.
“Yaqindagina men ham jarohatni boshimdan o‘tkazgandim. Shu sababli ham o‘zimni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ra oldim. Buning uchun menga sovrin berishni talab qilayotganlarini eshitib esa jahlim chiqdi. Chunki odamlar meni kameraga tushish uchun qasddan shunday harakat qilgan, deb o‘ylashlari mumkin”, — deb aytib o‘tgan Aysun Aliyeva.
“Men shunchaki yuragim buyurgan ishni qildim. O‘ylashimcha, mening o‘rnimda har qanday inson ham shunday yo‘l tutardi”, — deydi Aysun.