Televideniye va radioeshittiruv sohasida xizmat ko‘rsatuvchi Argentinaning yirik kompaniyalaridan biri Torneos y Competencias Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning sobiq amaldorlari bilan noqonuniy kelishuvlarda ishtirok etgani uchun 122 million dollar miqdorida jarima to‘laydi. Bu haqda, AP agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Kompaniya xodimlari FIFA vakillariga pora berganini tan oldi. Torneos y Competencias 2018-yildan 2030-yilga qadar jahon chempionatlari o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqini ta’minlash maqsadida 10 millionlar dollar to‘lagan.
FIFA tarixidagi eng yirik mojaro 2015-yilning may oyida sodir bo‘lgandi. AQSh sudining talabiga binoan Shveysariya politsiyasi FIFA prezidentini saylashdan ikki kun oldin Syurixdagi mehmonxonada korrupsiyada gumonlangan 9 nafar yuqori martabali amaldorni qo‘lga oldi.
Ayni damda jinoiy ishga 42 nafar futbol mansabdorlari aloqador. Ularning bir necha nafari o‘z aybini tan oldi. FIFA korrupsiyasi bo‘yicha sud ishi 2017-yilning so‘ngida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 yil davomida gumonlanuvchilar 150 million dollarga yaqin pora olgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.