Ukrainalik bokschi Vitaliy Klichkoga Butunjahon boks kengashi (WBC) versiyasi bo‘yicha super og‘ir vazn toifasida “abadiy” chempion unvoni berildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Aka-uka Klichkolarning kattasiga ushbu mukofotni WBC nomidan kichik Roy Jons tashkilotning Gollivudda o‘tayotgan kongressida topshirdi.
“Men sobiq Ittifoq davrida tug‘ilganman va u yerda professional boks taqiqlangan edi. Mayk Tayson janglarini doim kuzatar edim va super og‘ir vaznda chempioni bo‘lishni istardim. Orzuni amalga oshirish juda muhim”, – dedi Klichko.
Vitaliy Klichko oxirgi marta 2012-yilda ringga ko‘tarilgan edi. 2013-yilda u siyosiy faoliyatiga e’tibor qaratish uchun super og‘ir vazn toifasida chempionlik kamaridan voz kechgandi. Klichko WBC kamariga 2004-yil hamda 2008–2012-yillar davomida egalik qilgan.
Professional faoliyatida Vitaliy Klichko 45 ta jangda (shulardan 41 tasida nokaut bilan) g‘alaba qozonib, 2 marta mag‘lubiyatga uchragan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.