Rossiyaning Tula shahrida 1972-yilgi Olimpiada chempioni Shamil Xisamutdinov sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga asoslanib, “Olamsport” ma’lum qilmoqda.
Mazkur turnirda 20 ga yaqin davlatdan yosh kurashchilar kuch sinashdi. Musobaqa ikki yosh toifasida – 2000—2001 hamda 2002—2003-yillarda tavallud topgan polvonlar o‘rtasida tashkil etildi.
O‘zbekistonlik sportchilardan Laziz Toshkentboyev (-42 kg), Eldor Karimov (-46 kg), Asilbek Ne’matov (-50 kg) va Javohirbek Samatov (-58 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Azizbek Alimov (-50 kg) va Akmal Akromov (-54 kg) xalqaro turnirning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu xalqaro turnir sportchilar uchun 2017-yili Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, 2017-yilning sentyabr oyida Gretsiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga saralash hamda sinov vazifasini o‘tab berdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.