Rossiyaning The New Times jurnali sotuvga chiqmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Nashr bosh muharriri Yevgeniya Albats xarajatlarni kamaytirish uchun shunday qaror qabul qilinganini bildirdi. Uning aytishicha, biroz vaqt jurnal faqat vokzal va aeroportlardagi matbuot do‘konlarida qoladi.
“Obuna siz o‘rganib qolgan jurnalni o‘qishning yagona imkoniyati bo‘lib qolmoqda. Men o‘quvchilarimizga obunani rasmiylashtirishni taklif etaman. Hozirgacha to‘plangan mablag‘ redaksiyaga hatto 2017-yil bahorigacha ham yetmaydi”, — deya nolidi Albats. Biroq muharrir nashrning hozirgacha qancha obunachi to‘plaganiga aniqlik kiritmadi.
Ma’lumot uchun, The New Times 2007-yildan beri chop etiladi. 2016-yil avgustida moliyaviy muammolar tufayli 8 yildan beri hamkorlik qilib kelayotgan bosmaxona jurnalni chop etishdan bosh tortgani ma’lum qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.