Arab davlatlari ligasi (ADL) Qohiradagi koptlar ibodatxonasida sodir etilgan portlashni qoralaydi va Misr xalqining terrorchilikka qarshi kurashida yakdil ekanini bildiradi. Bu haqda 12-dekabr, yakshanba kuni tashkilot bosh kotibi Ahmad Abu al-Gayt ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“ADL Qohiradagi ‘Al-Butrosiya’ cherkovida ro‘y bergan va o‘nlab begunoh misrliklar, politsiyachilar va harbiylarni hayotdan olib ketgan portlashni keskin qoralaydi. Terror bilan mardonavor kurash olib borayotgan Misr, shuningdek, bu balo bilan to‘qnash kelayotgan va fuqarolarining qoni to‘kilayotgan barcha arab davlatlari bilan yakdil ekanligimizni tasdiqlaymiz”, — deya ta’kidladi bosh kotib.
Misrda 26 kishining umriga zomin bo‘lgan terakt qurbonlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilindi. Mamlakatda xavfsizlik choralari eng yuqori darajaga ko‘tarilgan, barcha xristian ibodatxonalari kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlanmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.