Jahonning eng yirik shamol turbinalari ishlab chiqaruvchisi — Xinjiang Goldwind Science & Technology (Xitoy) va Apple (AQSh) kompaniyalari shamol energiya ekspluatatsiyasi bo‘yicha qo‘shma korxona yaratadi. Xitoy kompaniyasi Xenan, Shandun, Shansi va Yunnan provinsiyalaridagi to‘rt loyihadagi ulushining 30 foizini qo‘shma korxonaga o‘tkazadi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Apple loyihaga qancha investitsiya kiritishi hozircha xabar qilinmayapti.
“Bu Apple’ning shamol energetikasi sohasidagi birinchi investitsiyasidir, ayni paytda bu kompaniyaning ekologik toza energetikaga kiritayotgan eng yirik investitsiyasi hamdir”, — ma’lum qildi Apple’ning atrof muhit himoyasi, siyosatchilar va ijtimoiy tashabbuslar bilan o‘zaro aloqalari bo‘yicha vitse-prezidenti Liza Jekson.
Uning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yili kompaniya Ichki Mo‘g‘ulistonda quyosh energetikasini rivojlantirishga investitsiya kiritishini ma’lum qilgan bo‘lib, ushbu tashabbus doirasida 170 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari qurish rejalashtirilmoqda.
Shamol energetikasi sohasidagi loyiha realizatsiyasi esa 900 million kVt/soat elektr quvvati ishlab chiqarish hamda 690 ming xitoylik oilalarni chiroq bilan ta’minlash imkonini beradi.
2015-yilda Apple o‘zini muqobil energiya manbalari orqali elektr quvvat bilan ta’minlash darajasini 93 foizga yetkazgan edi. Endilikda kompaniya bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazmoqchi.