9-dekabr, juma kuni Rossiyaning Birinchi kanalida “Golos” loyihasi 5-mavsumining birinchi chorak finali o‘tkazildi. Loyihada ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Sardor Milano yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: “Vokrug TV”

Foto: “Vokrug TV”

Polina Gagarina jamoasidagi Sardorga chorak finalda Adelina Moiseyeva va Tatyana Shamanina raqiblik qildi. Milano Ima Sumakning Taki Rari qo‘shig‘ini ijro etdi.

Shundan keyin Gagarina va teletomashabinlar yarim finalga chiqadigan bir ishtirokchini tanladi. Murabbiyning ovozi quyidagicha taqsimlandi: Adelina Moiseyevaga 20, Sardor Milanoga 30, Tatyana Shamaninaga 50 foiz. Maxsus raqamga SMS jo‘natish va qo‘ng‘iroq qilish orqali ovoz bergan muxlislarning 62 foizi Sardorga o‘z ovozini berdi, murabbiy va teletomoshabinlar ovozining jamlanmasiga ko‘ra asli o‘zbekistonlik xonanda yarim finalga yo‘l oldi.

Kadr: Mover.uz

Kadr: Mover.uz

Natijalar e’lon qilingandan so‘ng Sardor Milano quvonchdan ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Eslatib o‘tamiz, Sardor birinchi bosqichdan so‘ng o‘ziga Dima Bilanni ustozlikka tanlagandi. Ammo “battl”da Dima Bilan o‘z jamoasida uni qoldirishni istamadi va Milanoni Polina Gagarina o‘z jamoasiga oldi.

Sardor 2015-yilda Rossiyadagi boshqa bir loyiha — “Glavnaya ssena”da qatnashib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.