Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlari Rossiyaning tegishli tashkilotlariga shu paytga qadar rossiyalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha axborot taqdim etmadi. Bu haqda “Roskomnadzor” idorasi rahbari Aleksandr Jarov Milliy reklama forumidagi chiqishida ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Ular (Facebook va Twitter) tashabbus tartibida bizga bunday axborotni taqdim etdimi? Yo‘q, taqdim etmadi”, — dedi Jarov.
Shu bilan birga, u ijtimoiy tarmoqlar idora bilan muloqot qurayotganini aytib o‘tdi.
“Biz ular bilan ancha faol uchrashuvlar o‘tkazmoqdamiz. Olti oyda kamida bir marta uchrashib, Rossiya qonunchiligini muhokama qilamiz”, — qo‘shimcha qildi Jarov.
2015-yil 1-sentabrda Rossiyada shaxsiy ma’lumotlarni saqlash to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Unga muvofiq, texnologik kompaniyalar rossiyalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini Rossiya hududida qayta ishlashi lozim.