6-dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki Qashqadaryo viloyatidagi 77 kilometrlik Qarshi–Shahrisabz–Kitob avtomobil yo‘lini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 198 million dollar miqdorida qarz ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“Yo‘l modernizatsiyasi O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Yevropada, shuningdek, Osiyo mintaqasida savdoni rivojlantirishdagi asosiy tranzit punkti sifatidagi ahvolini yaxshilaydi. Loyiha doirasida yo‘l obyektlari hamda yo‘l boshqaruvi yo‘l xavfsizligi choralarini joriy etish, tegishli agentlik va idoralar salohiyatini rivojlantirish vositasida yaxshilanadi”, — dedi OTB Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti transport bo‘yicha mutaxassisi Jangbo Ning.
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik loyihasi ishtirokchisi bo‘lmish O‘zbekistonga xalqaro tranzit trafigi yuk tashish hajmining 10 foizi to‘g‘ri keladi. Mahalliy darajada yuk va odam tashishda uning ulushi 88 foizga teng.
Yo‘l modernizatsiyasi tufayli Qarshi–Kitob avtomobil yo‘li orqali o‘tadigan kunlik trafikning bir yillik hajmi 2022-yilda 14 ming transport vositasiga yetadi. 2015-yilda bu ko‘rsatkich 9408 transport vositasiga teng bo‘lgan edi. Bundan tashqari, yo‘l xalqaro turizm va savdo rivojiga ko‘mak beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 266,2 million dollarni tashkil etadi. Hukumat bu qiymatning 68,2 million dollarlik qismini moliyalashtiradi.
Loyiha 2021-yilda yakunlanishi kutilmoqda.