Xastaligi tufayli shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar uchun ham saylovda o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanish imkoniyati yaratildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Shu maqsadda mamlakatdagi shifoxonalarda saylov uchastkalari tashkil etilib, ularning barchasi huquqiy-uslubiy adabiyotlar, hujjatlar to‘plami, axborot materiallari, ko‘rgazmali qo‘llanmalar, axborot texnologiyalari, aloqa vositalari, quti va kabinalar bilan ta’minlandi.

Shifoxonalarda saylov uchastkasiga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bemorlar ham bor. Uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma saylov qutisi bilan ana shunday bemorlarning xonalariga kelmoqda.

Poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joylashgan 590-yopiq saylov uchastkasida ushbu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan barcha texnikaviy vositalar va qo‘llanmalar bilan jihozlangan. Saylovchilarning ro‘yxati shakllantirilib, shifoxonada davolanayotgan bemorlar orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi. Davolanuvchilar milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgarishlar, siyosiy partiyalardan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan tanishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ushbu saylov uchastkasida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotir.

– Yoshim 18 da. Bu saylov mening hayotimdagi ilk yirik siyosiy tadbirdir, – deydi toshkentlik Munisa Soliyeva. – Biroq sog‘lig‘im tufayli saylov kuni shifoxonada davolanishimga to‘g‘ri keldi. Shifoxonada saylov uchastkasi tashkil etilgani biz, bemorlarni nihoyatda quvontirdi. Uchastka saylov komissiyasi a’zolari bizni saylovoldi tayyorgarlik jarayonlari bilan to‘liq tanishtirdi. Bugun butun xalqimiz qatori biz ham saylovda faol ishtirok etdik.