O‘zbekistonga Qozog‘iston Respublikasining turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik” bojxona postida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R. Kusherbayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh. Turdiqulov va boshqalar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yildan-yilga rivojlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar yuksalib borayotganini ta’kidladi. Azaldan yaqin qo‘shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotgan o‘zbek va qozoq xalqlarining tarixi, tili, urf-odat, an’ana va qadriyatlari ham o‘xshash.
Delegatsiya a’zolari dastlab Toshkentda Birinchi Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan Hazrati Imom jome’ masjidi bilan tanishdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri M. Shokirov mehmonlarga majmuaning tarixi, mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli tiklash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, majmuada joylashgan tarixiy obidalar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng mehmonlar Toshkent islom universitetida bo‘ldi. Toshkent islom universiteti tarix kafedrasi mudiri S. A’zamxo‘jayev universitet faoliyati, shu atrofda joylashgan Yunusxon majmuasi, Qaldirg‘ochbiy va uning ustozi Shayxontohur maqbaralari tarixi to‘g‘risida gapirib berdi.
“O‘zbek va qozoq xalqlari hamisha bir-biriga yelkadosh bo‘lgan, suyangan, — dedi Qozog‘iston delegatsiyasi vakili, iqtisod fanlari doktori B. Serikov. — Vaqt sinovidan o‘tgan ushbu do‘stlik rishtalari mustaqillik yillarida yanada mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonga tashrifimiz mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy tadbir — Prezident saylovi kuniga to‘g‘ri kelgani uchun delegatsiyamiz Toshkentdagi 307, 514, 687-saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shunga amin bo‘ldikki, saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalar kollegiallik asosida yo‘lga qo‘yilgan. Saylov uchastkalari joylashgan binolar atrofini obodonlashtirish, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va boshqa tashkiliy masalalarda mahalla fuqarolar yig‘inlari yaqindan ko‘maklashgani bizda katta taassurot qoldirdi. Har bir saylov uchastkasida imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham barcha qulaylik yaratilgan. Salomatligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish kuni uchastkaga kelolmaydigan saylovchilar uchun ko‘chma qutidan foydalanish imkoniyati yaratilgani tahsinga sazovor”.
Delegatsiya a’zolari XIV asrning 80-yillarida Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilishi yakuniga yetkazilgan Zangiota majmuasini ziyorat qildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I. Inomov majmua tarixi, mustaqillik yillarida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti rahnamoligida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari tufayli majmua butunlay yangi qiyofa kasb etgani, ziyoratchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida so‘zlab berdi.
Mehmonlar Zangiota tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishtirildi. Ular O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, muhtasham turar joylar, sport inshootlari barpo etish bilan birga, odamlar ko‘ngilli dam oladigan madaniyat va aholi dam olish markazlari qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Delegatsiya a’zolari tumandagi “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, jumladan, qishloq ahli uchun namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar bilan tanishdi.
“O‘zbek xalqining ‘Bir bolaga yetti mahalla ota-ona’, ‘Otang — mahalla, onang — mahalla’ degan gaplari mazmunini bugun yanada teran angladim, — dedi Janubiy Qozog‘iston viloyati Qazg‘urt tumanidagi o‘zbek-qozoq umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari B. Sobitov. — Bu yerda odamlar yaxshi kunida ham, tashvishli damlarida ham mahalladoshlariga suyanar ekan. Bir oilada xursandchilik bo‘lsa, butun mahalla baham ko‘radi. Bir kishining tashvishi butun mahallaning tashvishiga aylanadi. Mahalla oqsoqoli yoki keksalarga barcha birday quloq solishi, bamaslahat ish tutish, odamlarning bir-biriga e’tiborli bo‘lishi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi — bunday oliyjanob fazilatlar boshqa hech qayerda uchramaydi. Osoyishtalik va taraqqiyotni ta’minlaydigan bunday turmush tarzi — mahalla tushunchasi faqat o‘zbek xalqiga xos yuksak qadriyat”.
Ikki mamlakat madaniyat va san’at sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston xalq ustalari Olmaota shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo hunarmandlari ko‘rgazma-yarmarkasida muntazam ishtirok etadi. Ostona, Olmaota va boshqa shaharlardagi badiiy galereya va muzeylarda mashhur o‘zbek musavvirlarining ko‘rgazmalari namoyish qilinadi. O‘zbekiston musiqa va teatr jamoalarining Qozog‘istonga gastrollari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Qozog‘istonlik san’atkorlar Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va boshqa ko‘plab yirik madaniy tadbirlarning faol qatnashchilaridir. Toshkentdagi “Kamolot” yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan millatlararo do‘stlikni targ‘ib etuvchi rasmlar ko‘rgazmasi va konsert dasturida bu alohida ta’kidlandi.
Izoh (0)