Futbol bo‘yicha Angliya Premyer-Ligasining 14-turidan joy olgan “Manchester Siti” — “Chelsi” o‘yini londonliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgandi.
Uchrashuv yakuniga sanoqli soniyalar qolganida, aniqrog‘i, “Siti”ning mag‘lubiyati aniq bo‘lib ulgurgan bir paytda argentinalik hujumchi Serxio Aguero “Chelsi”ning braziliyalik himoyachisi David Luisga nisbatan haddan tashqari qo‘pol o‘ynadi.
“Chempionat” nashrining Manchester Evening News jurnalisti Styuart Brennanga asoslanib qayd etishicha, bunday qo‘pollik uchun Aguero 4 ta o‘yinga chetlashtirilishi mumkin. Boisi argentinalik futbolchi bunga qadar ham 3 ta o‘yinlik diskvalifikatsiyani o‘tagandi. U “Vest Hem”ga qarshi bellashuvdan keyin ham jazo choralariga duchor bo‘lgan, biroq tegishli xulosa chiqarmagan.
Shuningdek, “Chelsi” a’zosi Sesk Fabregesga tajovuzi uchun Fernandinyoni ham 3 ta o‘yinlik diskvalifikatsiya kutib turibdi.
Bu boradagi yakuniy qarorlar tez kunda e’lon qilinadi.