AQSh harbiy-havo kuchlarining RC-135W strategik razvedkachi samolyoti 3-dekabr kuni Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga operativ vazifani bajarish uchun yana bir marta yaqinlashdi. Buni harbiy aviatsiya harakatini kuzatuvchi saytlar ma’lumotlari ko‘rsatmoqda, deb xabar qiladi “Interfaks”.
Aytilishicha, 62-4139 bort raqami va ILIAC76 chaqiruv nomiga ega AQSh harbiy samolyoti o‘sha kuni ertalab Buyuk Britaniyadagi Mildenxoll aviabazasidan uchib chiqib, Polsha tomonidan Rossiyaning Boltiqdagi chegarasiga yaqinlashgan va ayni paytda Rossiya hududi bo‘ylab radiotexnik razvedkani amalga oshirmoqda.
Buyuk Britaniyadan uchib chiqqan samolyot Germaniya va Polsha osmonidan o‘tgani ma’lum.
AQSh razvedkachisi Kaliningrad yaqinidagi parvozdan so‘ng Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududiga yo‘l olib, Pskov va Leningrad viloyatlarining chegaraoldi tumanlarini kuzatishi kutilmoqda.