“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i uch kun avvalgi buzilishdan so‘ng, 7-aprel kuni o‘z faoliyatini to‘liq qayta tikladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqning Twitter’dagi mikroblogida ma’lumotga tayanib kun.uz nashri xabar bermoqda.
“Barcha asosiy servislar tiklandi. Foydalanuvchilarga tegishli hech bir ma’lumot yo‘qolgani yo‘q”, – deyiladi xabarda. “Odnoklassniki” tvitterida qo‘shimcha qilinishicha, “xabarlar, guruhlar, bildirishnomalar, lenta, fotosuratlar va o‘yinlar – bularning barchasi allaqachon ishga tushgan”.
“Sayt faoliyati qisman ishdan chiqdi va biz haqiqatan ham bir necha og‘ir kunlarni boshdan kechirdik. Kamchiliklar va ularga sabab bo‘lgan oqibatlarni bartaraf etish uchun bizga vaqt kerak bo‘ldi. Biz siz bilan birga qayg‘urdik va qachon sizga: “Odnoklassniki bilan hammasi OK!”, deb yoza olarkanmiz, deb daqiqa sanadik”, – deyiladi “Odnoklassniki” ma’muriyati tomonidan Facebook’ka joylashtirilgan xabarda.
Odnoklassniki.ru sayti 4-aprel, payshanba kuni faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. “Odnoklassniki” matbuot kotibi Mariya Lapuk, ijtimoiy tarmoq faoliyatidagi buzilish qurilmalardagi nosozlikdan kelib chiqqanini ma’lum qilgandi. Tvitterdagi akkauntida Lapuk saytga DDoS-hujum uyushtirilgani to‘g‘risidagi farazlarni rad etgan edi.
“Odnoklassniki” hozirgi kunda o‘zbekistonlik foydalanuvchilar eng ko‘p kiradigan va foydalanadigan ijtimoiy tarmoq hisoblanadi.