Iroq harbiylari Mosuldan janubi-sharqdagi shaharning chekka qismida IShID terrorchilik tashkilotining yetakchilaridan biri Abu Anas ash-Shishaniyning o‘ldirilganligini ma’lum qildi. Bu haqda Iraq Akhbar portali ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
Abu Anas ash-Shishaniy 26-noyabr, shanba kuni berilgan aviazarba oqibatida yo‘q qilinganligi ta’kidlanmoqda. U bilan birga IShIDning yana uch nafar jangarisi yo‘q qilingan.
Iroqning Mosulni terrorchilardan ozod qilish bo‘yicha operatsiyasi 17-oktabr kuni boshlangan edi. Keyinroq ularga shialarning harbiylashgan guruhlari va Turkiya ham qo‘shildi. 1-noyabr kuni Iroq armiyasi Mosuldagi Alkaramh davlat telekanali mahalliy bo‘limini qo‘lga olganligi ma’lum bo‘lgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.