Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati muassasa hududida polietilen o‘ramdagi hamda bir martalik polietilen idishdagi ovqat, shuningdek, o‘yinchoqlar sotishni taqiqladi. Bu haqda, hayvonot bog‘i rasmiy saytiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hayvonot bog‘ida ko‘pgina jonivorlar begona buyumlarni yutib yuborib, olamdan o‘tishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgani bois bunday qaror qabul qilindi. Jumladan, yaqinda o‘lib qolgan timsohning oshqozonidan o‘yinchoq topilgan edi.
Tashrifchilarga murojaat qilar ekan, ma’muriyat ularni jonivorlarning ovqatlanishi borasida qayg‘urmaslikka chaqirdi.
“Jonivorlarimiz barcha zaruriy yemish, oziq, vitamin va mineral qo‘shimchalarni oladi, shuningdek, har bir tur uchun, ayrim hollarda alohida jonivorlar uchun ham xalqaro ratsionlarga ko‘ra ishlab chiqilgan parhez ko‘zda tutilgan”, — deyiladi murojaatda.
2015-yilning martidan hayvonot bog‘iga ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish taqiqlangan edi.
Izoh (0)