Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili A. Hojiboyev Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili yig‘ilganlarni Shavkat Mirziyoyevning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Dasturda mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, aholi daromadlari va hayot sifatini muttasil oshirib borishdek muhim yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.
Saylovchilar dasturda Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan boshlab berilgan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlash, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalq uchun munosib turmush sharoitini yaratish va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan ilgari surilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda Shayxontohur tumanidagi “Qoratosh” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli R. Obidov, “Tinchlik” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari M. Mirilyosov va boshqalar nomzodning dasturida belgilangan ustuvor vazifalar xususida fikr bildirdi.
Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili saylovchilarning savollariga javob qaytardi.
Izoh (0)