24-noyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zA.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, soha ekspertlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M. Mirzayev ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishga eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali uni modernizatsiyalash jahonda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 7,8 foizni tashkil etib, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7,2 foizga o‘sdi. Inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi. Bunda makroiqtisodiy barqarorlik yanada mustahkamlanib, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatildi.
Chuqur o‘ylangan, puxta pul-kredit va soliq-budjet siyosatining amalga oshirilganligi davlat budjeti daromad qismining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 100,2 foiz ijrosini ta’minlab, bu YaIMga nisbatan 21,7 foizni tashkil etdi. Davlat budjetining xarajatlari YaIMga nisbatan 21,6 foizni tashkil etib, bu O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetini YaIMga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarish imkonini berdi.
Muhokamalar davomida deputatlarning davlat budjeti ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bergan savollariga hukumat vakillari atroflicha javob berdi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A. Shodmonovning qo‘shimcha ma’ruzasi eshitildi.
Qayd etildiki, hisobot davrida joriy yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlari izchil amalga oshirilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini bergan. Davlat budjeti mamlakat parlamenti tomonidan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq ijro etilgan.
Davlat budjetining 2016-yilning to‘qqiz oyidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari nuqtai nazarlari va fikrlarini bayon qilib, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, budjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining mamlakat Budjet kodeksiga rioya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasining davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2016-yilning to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.
Izoh (0)