Fransiya politsiyasi xodimlari evakuatsiya qilinib, jarima maydonchasiga olib kirilgan Porsche Carrera S avtomobili minalashtirilgan deb hisoblab, sapyorlarni chaqirdi va uni portlatib yubordi. Bu haqda, Le Parisien nashriga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Aytilishicha, 25 yoshli Olivye ismli yigit bir hafta muqaddam mashinani ijaraga olib, 17-noyabr kechki soatlarida tungi klubga yo‘l olgan. Ammo u parkovka uchun joy topa olmay, mashinani taksiga mo‘ljallangan turargohda qoldirgan. Yigit tunni klubda o‘tkazgan, ertalab esa mast holda taksida uyiga ketgan.
18-noyabr kuni ertalabki soatlarida politsiyachilar mashinani jarima maydoniga olib ketgan. O‘sha kuni mamlakatda amal qilayotgan favqulodda holat doirasida xodimlar sapyorlarni chaqirishga qaror qilgan, negaki mashinaning egasi uni olib ketishga kelmagan. Voqea joyiga yetib kelgan xavfsizlik xodimlari mashina bagajini portlatgan.
Olivyening so‘zlariga qaraganda, boshida politsiyachilar mashinani ijaraga bergan kompaniya orqali u bilan bog‘langan, ammo yigit yetib kelishini aytganiga qaramay, huquq-tartibot xodimlari sapyorlarni chaqirgan.
Porsche Carrera S’ning narxi 100 ming yevrodan boshlanadi.
Izoh (0)