Odam savdosiga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda, deb yozadi Andijon viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Yaqinda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ana shunday jinoyatlardan biri o‘z vaqtida fosh qilindi.
Mo‘may daromad orttirib qolishga urinuvchi ba’zi kimsalar bola asrab olish uchun joriy qilingan amaldagi tartiblarni chetlab o‘tib, farzandtalab insonlarga go‘daklarni pullashga harakat qilmoqda.
Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi Shahlo Qosimova (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) endigina tug‘ilgan qiz chaqalog‘ini sotishni rejalashtirdi. Xaridor topishda esa unga Dildora Muinova yordamga keldi.
Andijon shahridagi viloyat perinatal markazi oldida tezkor tadbirga jalb qilingan “xaridor” bilan uchrashuv belgilanadi. Shahlo va uning jinoiy sherigi Dildora chaqaloqni 6,1 million so‘mga pullayotgan paytda bojxonachilar tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudining hukmi bilan qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)