Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zLiDeP

Foto: O‘zLiDeP

Uchrashuvni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi E. Xolmatov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Dasturda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida boshlangan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlash, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalq uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan. Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish, ushbu sohada tajribadan o‘tgan bozor mexanizmlari va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplarini keng joriy etish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, sanoatni texnologik yangilash va tarkibiy o‘zgartirish, yerlarning unumdorligini oshirish va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, mahalliylashtirish dasturini kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, aholi hayot darajasini izchil oshirish, barcha davlatlar bilan hamkorlikni va mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo‘yicha muhim yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti Jizzax viloyati misolida ham namoyon bo‘lmoqda. Shahar va tumanlarda yangi korxonalar, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi, Jizzax sement zavodi va boshqa sanoat komplekslarida ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 9,1 foizni tashkil qilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 18,3 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsuloti 6,2 foizga, qurilish ishlari 12,5 foizga oshdi. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari samarasida 1090 ta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, ular 9195 taga yetdi.

Jizzax shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, qishloqlarda barpo etilayotgan zamonaviy uylar va ijtimoiy obyektlar viloyat qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda.

Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatning barcha shahar va tuman markazlaridagi saylovchilar bilan ochiq va samimiy muloqot bo‘ldi.

Uchrashuvda “Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri A. Inomov, Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi L. Pak, mehnat faxriysi A. Turdiqulov, Forish tumanidagi FOR-TEX xususiy korxonasi rahbari B. To‘rayeva, Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasi shifokori M. Umarov va boshqalar mustaqillik yillarida Jizzax viloyati sanoatlashgan hududga aylangani, amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari odamlarning hayot darajasini yuksaltirib, dunyoqarashini o‘zgartirayotganini faxr bilan ta’kidladi. Dasturda ilgari surilgan ulug‘vor vazifalar mamlakat taraqqiyotida muhim asos bo‘lishini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing