2016-yilgi mavsumni Qarshining “Nasaf” klubida boshlagan Artur Gevorkyan, davralar oralig‘ida Toshkentning “Lokomotiv” klubi safiga kelib qo‘shildi. Bu esa unga O‘zbekiston futbolidagi barcha sovringa ega bo‘lib olish imkonini berdi.
“Championat.asia” nashrida e’lon qilingan maqolada turkmanistonlik bo‘lgan Artur Gevorkyan 10 yildan buyon O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgani qayd etilgan va u qo‘lga kiritgan sovrinlar sanab o‘tilgan.
O‘zbekistondagi faoliyati davomida u “Sho‘rtan”, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Lokomotiv” liboslarida harakat qildi. “Nasaf” bilan bir marta kumush, uch marta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 2015-yilga kelib esa O‘zbekiston Kubogida zafar quchdi. 2016-yilgi mavsumni mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritish bilan boshladi. Va nihoyat “Lokomotiv” safida oltin medalga ega chiqdi. Qayd etish kerak, O‘zbekiston klublarining xalqaro maydondagi yagona g‘alabasi — OFK Kubogi bosh sovrinini ham jamoa sardori sifatida Artur Gevorkyan ko‘targandi.
2014-yil turkmanistonlik futbolchi O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi uchun sovrinni qabul qilib oldi. 2013 va 2014-yillarda mamlakatdagi eng yaxshi xorijlik futbolchi sifatida tan olindi. 2014-yil Oliy Liga to‘purarligini qo‘lga kiritdi.
Artur Gevorkyan Gennadiy Krasnitskiy nomli futbolchilar klubiga ham a’zo hisoblanadi. Bu klubga kirish uchun futbolchi 100 dan ziyod golga mualliflik qilishi kerak. Gevorkyan esa 10 ichida bunga erishdi.
Ma’lumot uchun, Artur Gevorkyan 1984-yilning 22-noyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda dunyoga kelgan.
Avvalroq O‘zbekistonning bir emas, ikki klubi bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan yagona legioner futbolchi Gochquli Gochquliyev ekani haqida ma’lumot berilgandi. “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublarida to‘p tepgan bu futbolchi ham Turkmanistondandir.