Quyosh yorug‘ligi va tafti borgan sari kamayib bormoqda. Yilning sovuq fasllarida vaqtimizning ko‘proq qismini uyda o‘tkazishga urinamiz. Shunday ekan, uyda o‘tkazayotgan vaqtimizga yanada shinamlik baxsh etish uchun xonadonimiz interyeriga biroz issiqlik qo‘shish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Yoz oylarida qo‘shimcha gazmollardan (parda, adyol) foydalanmasak ham, sovuq tushishi bilan bu odatga biroz o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keladi. Masalan, yozgi pardalarni qalinrog‘iga almashtirishimiz mumkin.
Yoz faslida tushlik stoliga servirovka sochiqlarining o‘zi kifoya bo‘lsa, sovuq ob-havoda issiq ranglarga ega dasturxon yanada shinamlik bag‘ishlaydi.
Choyshablarni ham ochiq ranglardan to‘qroq ranglarga almashtirish yotoqxonaga kuzgi kayfiyat beradi. Bunda tabiiy matolarga ko‘proq e’tibor qarating: jun yoki paxta yopinchiqlar sun’iy tolali matolarga qaraganda ancha yoqimliroqdir.
Interyerdagi gilam bir vaqtning o‘zida ikki — sovuq polni bekitish va bezak berish (xonani jonlantirish) vazifasini bajaradi. Yotoqxona uchun sun’iy yoki tabiiy mo‘ynadan foydalanish mumkin bo‘lsa, mehmonxona uchun o‘rtacha patli gilamlar mos keladi.
Shinamlik va issiqlik hissi xonaning yorug‘ligiga ham bog‘liq. Torsherlar, juda yorug‘ bo‘lmagan stol lampalari kuz uchun ajoyib yechim bo‘la oladi. Bunda shamlar ham qo‘l keladi. Tongda turishga qiynalish bilan bog‘liq muammoni yorqin yorug‘lik beruvchi maxsus mobil dastur ham hal eta oladi.
Yuqoridagi tavsiyalarga yana nimalarni qo‘shimcha qila olamiz? Quritilgan barglar yoki gullar solib qo‘yilgan rangli oynali ko‘zachalar, xushbo‘y hid tarqatuvchi shamlar, surat uchun romlar (qo‘lda ishlangan bo‘lsa yanada yaxshi) ham xonadoningizga iliqlik bag‘ishlay oladi.
Uyingizda o‘ziga xos, yoqimli va iliq muhit yarating, shunda unda o‘tkazgan har bir kuningiz ko‘z ilg‘amas sehr bilan to‘lib-toshadi.