Germaniyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi Porsche kompaniyasi rossiyalik tennischi Mariya Sharapova bilan hamkorlikni qayta tiklamoqchi, deb xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Rossiyalik 29 yoshli sportchi Los-Anjeles shahridagi avtomobillar shousida Porsche Panamera’ning taqdimotida ishtirok etdi.
2016-yilning mart oyida Mariya Sharapova taqiqlangan preparat – meldoniy qabul qilgani uchun Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan ikki yilga chetlatilgach, Nike, Cole Haan, TAG Heuer, Head, Samsung kabi kompaniyalar qatorida Porsche ham rossiyalik tennischi bilan hamkorlikni to‘xtatgandi.
4-oktabr kuni Sport arbitraj sudi Sharapovaning apellyatsiyasidan so‘ng uning 26-yanvardan kuchga kirgan diskvalifikatsiyasini 24 oydan 15 oygacha qisqartirdi. Mariya Sharapova 2017-yilning 26-aprel kunidan boshlab tennis musobaqalarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Endilikda Porsche kompaniyasi Mariya Sharapova bilan hamkorlikni qayta tiklashga qaror qildi.
Avvalroq AQShning sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi Nike kompaniyasi Sharapova bilan hamkorlikni qayta tiklashga umid qilayotgani haqida xabar qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)