16-noyabr kuni 13:30 da futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 29-tur bellashuvlari start oladi va uning ilk o‘yinida Toshkentning “Obod” klubi “Jar” stadionida “Andijon”ni qabul qiladi.
“Obod” 2016-yilgi mavsum hisobidan O‘zbekiston Oliy Ligasidagi debyut mavsumini o‘tkazmoqda. Turnir jadvalida 22 ochko bilan 14-o‘rinda borayotgan klub birinchi yilning o‘zidayoq 1-ligaga tushib ketish xavfi bilan yashamoqda. Bu borada jamoa vodiyning uch klubi bilan raqobat hosil qilgan: “Qo‘qon—1912”, “Navbahor” va “Andijon”.
29-turda “Obod” so‘nggi o‘rinda borayotgan “Andijon”ga qarshi saf tortadi. Mazkur bellashuvda mag‘lub bo‘lgan jamoa Oliy Liga bilan xayrlashishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 29-tur oldidan andijonlik futbol muxlislari klub futbolchilariga ochiq xat yozib, “Obod”ni mag‘lub etishlari shart ekanini ta’kidlab o‘tgandi.