Iroq poytaxti Bag‘dod shahridan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Karbalo viloyatida 14-noyabr, dushanba kuni sodir etilgan bir qator portlashlarda 12 kishi halok bo‘ldi, yana 6 nafari jarohat oldi. Bu haqda “Al-Arabiya” telekanaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xabarda qayd etilishicha, Karbalo viloyatidagi Karbalo shahrida portlatishni amalga oshirmoqchi bo‘lgan olti xudkush terrorchi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan zararsizlantirildi.
Shu kunlarda Karbalo shahrida shia musulmonlari uchun muqaddas hisoblangan Arbain motam tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shaharga shia lashkarlarining qo‘shimcha bo‘limlari yuborildi.
Avvalroq Bag‘dod janubida xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgan portlash oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Portlashlarning bir-biriga bog‘liqligi haqida aniqlik kiritilmagan.
Iroqda faoliyat olib borayotgan terrorchi guruhlardan hech biri hozircha uyushtirilgan hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
BMTning Iroqqa yordam ko‘rsatish missiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida mamlakatda davom etayotgan zo‘ravonlik qurbonlari soni 1,7 ming kishini tashkil etdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.