1980-yillarda National Geographic muqovasida chiqqanidan so‘ng mashhurlikka erishgan afg‘onistonlik ayol Sharbat Gula Hindistonda bepul davolanish kursidan o‘tadi. Bu haqda Afg‘onistonning Hindistondagi elchisi Shaida Abdaliy Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Mashhur Sharbat Gula yaqinda Hindistonda bo‘ladi, u bu yerda bepul davolanishdan o‘tadi”, — deyiladi u qoldirgan xabarda.
Sharbat Gula to receive free of cost treatment in India https://t.co/3Xv1zlPEbg via @khaama
— Dr Shaida Abdali シャイダ・アブダリ博士 (@ShaidaAbdali) November 12, 2016
Gepatit-C virusidan aziyat chekayotgan Sharbat Gula mamlakat janubidagi Bangalor shahrida davolanadi.
Avvalroq Sharbat Gula qalbaki hujjatlar sabab Pokistonda hibsga olingani, u 14 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Shundan so‘ng uni Pokistondan o‘z vataniga qaytarib yuborishdi. 8-noyabr kuni National Geographic jurnalidagi mashhur surat qahramoni Torxam chegara punktiga keltirildi va Afg‘oniston vakillariga topshirildi.
9-noyabr kuni Sharbat Gula Afg‘oniston prezidenti bilan uchrashdi. Ashraf G‘ani unga yangi xonadon kalitini topshirdi, shuningdek, Gulaning oila a’zolari ta’limi va salomatligi haqida qayg‘urishga va’da berdi. Kobul ko‘chalariga ayolning Afg‘onistonga qaytganini sharaflovchi bilbordlar o‘rnatildi.
Gula 1984-yili, uning surati National Geographic jurnali muqovasida bosilib chiqqanidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgan. O‘sha vaqtda u Afg‘onistondagi qochqinlar lagerida yashar edi.
Izoh (0)