8–13-noyabr kunlari tasdiqlangan reja-jadvalga binoan Farg‘ona shahrida davlatlararo chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘izistonning Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlari tutashgan hududlarda davlat chegaralarining avval muvofiqlashtirilmagan 14 uchastkasida qo‘shma dala tekshiruvlari va instrumental topografik rasmga olish tadbirlari o‘tkazildi.
Yettita uchastka bo‘yicha ishchi guruhlarning pozitsiyalari kelishib olindi. Shunday qilib, 13-noyabr holatiga ko‘ra tomonlarning pozitsiyalari mos kelgan uchastkalarning umumiy soni 56 tani tashkil etmoqda.
Uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra tegishli bayonnoma imzolandi va boshqa muvofiqlashtirilmagan uchastkalardagi dala topografik-yer tuzish ishlarini o‘tkazishning reja-jadvali kelishib olindi.
Uchrashuv hamjihatlik va an’anaviy do‘stlik ruhida bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)