O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov Football Channel Asia talqiniga ko‘ra Yevropaning top ligalarida to‘p surayotgan osiyolik futbolchilar orasida ikkinchi natijani qayd etgan. Nashr bunda 70 nafar futbolchining oktyabr oyidagi ko‘rsatkichlarini inobatga olgan.
Qayd etilishicha, aynan shuncha osiyolik futbolchi Yevropaning top chempionatlarida to‘p suradi. Yana 100 ga yaqini esa nisbatan kuchsizroq chempionatlarda yoki kuchli chempionatlarning quyi ligalarida to‘p suradi. Football Channel Asia top ligalar sifatida Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Belgiya, Shveysariya va Portugaliyani saralab olgan.
Mana shu ligalarda harakat qilayotgan osiyoliklar orasida Vitaliy Denisov oktyabr oyi yakuniga ko‘ra ikkinchi natija qayd etdi. U 1 oy ichida “Lokomotiv”ning Rossiya Premyer-Ligasi doirasidagi 4 ta o‘yinida ishtirok etdi va o‘zining ishonchli harakatlari bilan ajralib turdi. Shuningdek, ikkita bellashuvning eng yaxshi futbolchisi nomini qo‘lga kiritdi.
Bu borada eng yaxshi natijani Germaniyaning “Augsburg” klubida to‘p surayotgan Ku Ja Chol qayd etgan. Uning “Bavariya” darvozasiga urgan goli ochkolarining oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Kuchli beshlikdan “Sautgempton” vakili Maya Yoshida, “AZ Alkmaar” futbolchisi Alirizo Jahonbahsh va “Herenven” sharafini himoya qiladigan Rizo G‘ujchanajod o‘rin oldi.
Izoh (0)