Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 2016-yilgi mavsumi yakuniga 2 ta tur qolganida “Andijon” futbol klubi musobaqa jadvalida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Bu esa jamoa muxlislarining kayfiyatini pir qilib, ular futbolchilarga ochiq maktub yo‘llashga qaror qildi, deb yozdi “Championat.asia”.
“Ishqibozlik borasida yetakchi o‘rinda turadigan Andijon xalqi o‘z sevimli jamoasini kelasi mavsum ham Oliy Ligada ko‘rishni istaydi. Biz muxlislar bo‘lib o‘tgan ishlar va salbiy natijalarni bir chetga surib, bo‘lajak ikki turda faqat va faqat zafar quchishingizni istaymiz”, — deb boshlangan ochiq xat.
Ma’lum bo‘lishicha, andijonlik futbol muxlislari klub a’zolari bilan ochiq muloqot qilishni ham rejalashtirgandi, biroq muhim o‘yinlar oldidan bu holat futbolchilar kayfiyatiga turlicha ta’sir o‘tkazishi inobatga olingan.
“Afsuski, so‘nggi yillarda jamoamiz o‘yinlari barcha muxlislar kayfiyatini pir qilib kelmoqda. Sizlardan ‘Obod’ va ‘Navbahor’ga qarshi o‘yinlarda maydonga chiqib, bor kuch va g‘ayratingizni ishga solishingizni so‘raymiz. Viloyat obro‘si, xalqi uchun chinakkamiga kurashishinglar shart, siz bunga majbursiz”, — degan jumlalarni maktubda uchratish mumkin.
“Jamoamiz turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, muxlislik har doim yuqori darajada bo‘ldi. Biz andijonlik ishqibozlar ‘Obod’ga qarshi o‘yinga ham tashrif buyurib, sizlarni astoydil qo‘llab turamiz. Futbolda yengilmas raqibning o‘zi yo‘q. Shu yil Andijonda ‘Paxtakor’ni, Farg‘onada esa ‘Neftchi’ni yenganimiz bunga misol bo‘lsin. Biz mana shunday hujumkor va jozibali o‘yinni sog‘indik. Bobur yurti Andijon, biz senga beramiz jon! Olg‘a, “Andijon”, — deb ochiq xatga yakun yasalgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)