“O‘zekspomarkaz”da Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Ushbu yarmarka “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyalari, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi va “Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etildi.
Xalqaro yarmarkada ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, sovutish uskunalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishladi. O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi yutuqlari va yangiliklari barcha viloyatlar ekspozitsiyalarida keng namoyish etildi.
Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston kabi mamlakatlardan ikki yuzdan ziyod ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.
Anjuman doirasida ishtirokchilar Toshkent, Andijon, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax viloyatlaridagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, sifatli saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishdi.