15-noyabr kuni Seulda Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 10-noyabr kuni Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib, 1:0 hisobida muvaffaqiyat qozongandi.
Uchrashuvning ertasiga “Championat.asia” nashri milliy terma jamoa sardori Odil Ahmedov, vitse-sardor Server Jeparov, katta tanaffusdan keyin termaga qaytib kelgan Vadim Afonin hamda “Bunyodkor” klubi hujumchisi Eldor Shomurodovdan intervyu oldi.
“Iordaniyaga qarshi mazmunli o‘yin ko‘rsatdik va o‘ylaymanki, muxlislar bundan xursand bo‘ldi. Bu uchrashuv Janubiy Koreyaga qarshi tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi. Nasib qilsa, Seuldan ochko bilan qaytamiz”, — deb fikr bildirdi Vadim Afonin.
“Iordaniyani mag‘lub etib, Seulga yaxshi kayfiyatda yetib borishni niyat qilgandik. Janubiy Koreyaga qarshi bellashuvda ham muxlislarni xursand qilamiz”, — deb aytib o‘tgan Eldor Shomurodov.
Terma sardori Odil Ahmedov esa Iordaniyaga qarshi o‘yinda bor kuchi bilan harakat qilmaganini tan oldi: “Iordaniya bilan o‘yinda bor kuchimiz bilan o‘ynamadik. Bu shunchaki repetitsiya edi. Bor kuchimizni Janubiy Koreyaga olib qo‘ydik”.
Vitse-sardor Server Jeparov iordaniyalik futbolchi bilan to‘qnashib ketib, kichik jarohat olgan: “Asosiysi g‘alaba qozondik va kayfiyatimiz ko‘tarildi. Raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketganimdan keyingi jarohatim jiddiy yoki yo‘qligini tekshiruvdan keyin bilib olamiz. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yindan faqat g‘alaba kutmoqdamiz. Men ham, qolganlar ham durang haqida o‘ylamayapti. Yutish uchun maydonga chiqamiz”, — deb fikrini yakunladi o‘z vaqtida Janubiy Koreya Key ligasida to‘p surgan va mamlakat chempioni bo‘lgan yarim himoyachi.
Iordaniyaga qarshi o‘yinning Anzur Ismoilovga yoqmagani, Samvel Babayanning ko‘ngli to‘lgani, Igor Sergeyev esa har qanday tanqidga tayyorligi borasida mana shu havolada yozilgan. Janubiy Koreya termasi futbolchilarining O‘zbekiston haqidagi fikrlari bilan shu link orqali tanishish mumkin.