O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 10-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvni Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Saidov ochdi. Nomzodning ishonchli vakili N.Muhamedov yig‘ilganlarni Narimon Umarovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda xalq uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa’y-harakatlarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish asosiy maqsad qilib belgilangan. Davlat va jamiyat boshqaruvida aholining ishtirokini ta’minlash, siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlanishi saylovoldi dasturning asosiy vazifalaridan biridir.
Poytaxt bugungi kunda nafaqat mamlakat, balki butun mintaqaning yuksak taraqqiy etgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-moliyaviy va ma’naviy-ma’rifiy markazi bo‘lib, ayniqsa, istiqlol yillarida Toshkent shahri qudratli sanoat va transport-kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmalarni o‘zida mujassam etgan yirik megapolisga aylandi.
Nomzod Toshkent shahriga xos ayrim ijtimoiy masalalarga saylovchilar e’tiborini qaratib, ularning yechimi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirish singari g‘oyalarni ilgari surdi. Poytaxtda bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarning loyihasini ishlab chiqishda ularga innovatsion, energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U.Samatov, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati O.Abdullayeva, Toshkent moliya institutining sug‘urta fakulteti dekani U.Rajabov, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Chilonzor tumani bo‘limi boshlig‘i G.Murodova, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti oftalmologiya kafedrasi assistenti L.Maqsudova va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.