Germaniyaning Mozori Sharifdagi bosh elchixonasi yaqinida va diplomatik missiya hududida jangovar to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Kazakhstan Today Germaniya tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
“Voqea joyiga Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va ‘Qat’iy ko‘mak’ missiyasida ishtirok etayotgan harbiylar yetib bordi. Vazir Shtaynmayerni doimiy ravishda xabardor qilib turishibdi”, — deyiladi TIV xabarida.
Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobil elchixonani o‘rab turgan devorga borib urilgan. So‘ng diplomatik vakolatxona yaqinida va uning hududida jangovar harakatlar yuz berdi. Portlash tufayli elchixona joylashgan tuman to‘liq elektr tokisiz qoldi.
Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer terakt munosabati bilan krizis shtabini tuzishni buyurgan edi.
Portlash mahalliy vaqt bilan 10-noyabr, payshanba kuni 23:05 atrofida (Toshkent vaqti bilan 23:35) da sodir bo‘lgan.
“Tolibon” harakati ushbu terakt AQShning Qunduz provinsiyasiga bergan aviazarbasi uchun qasos ekanligini ma’lum qildi, o‘shanda 30 dan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan edi.
DPA agentligi xabariga ko‘ra, toliblarning bosh elchixonaga hujumi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi,yana 120 ga yaqini yaralandi. Halok bo‘lganlarning barchasi — Afg‘oniston fuqarolari.
Germaniya TIV elchixonaga hujum qaytarilganini, diplomatik missiya xodimlaridan hech biri zarar ko‘rmaganini ma’lum qildi.