Rossiyaning “Sports.ru” nashri sharhlovchi Vasiliy Utkin “Matonatli” serialida bosh rolni ijro etish arafasida turgani haqida ma’lumot berdi. Bu taklif “Match TV” kanali prodyuserlaridan chiqqani aytilgan.
Vasiliy Utkin futbol sharhlarining biriga shirakayf holatda tashrif buyurgani va uning yarmida pinakka ketib qolgani uchun ishdan bo‘shatilgandi. Ayni vaqtda tomonlar hamkorlikni davom ettirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Utkin serial g‘oyasini beribgina qolmay, unga ssenariyni ham o‘zi yozdi. Hozircha serial sinopsisi tayyor holga kelgan bo‘lib, uning har biri yarim soatlik 24 seriyadan iborat bo‘lishi aytilgan. Vasiliy Utkin bosh qahramon sifatida o‘z-o‘zini gavdalantiradi.
Sinopsisda sharhlovchining yakuniga yetmay qolgan o‘sha sharhdan keyin ishdan ketishi voqealari tasvirlanishi ko‘rsatilgan. Serial davomida Utkin 2018-yilgi Jahon Chempionatiga qadar ishga qaytishi kerak bo‘ladi. Bu vaqtda uning hayotida nikohdan tashqari tug‘ilgan qizaloq paydo bo‘lib qoladi va bu vaziyatni yanada chigallashtiradi.
Utkinning o‘zi bu haqda ma’lumot berishni istamagan bo‘lsa ham, o‘z vaqtida Aleksandr Sekalo bilan hamkorlikda “Chorshanba” serialini suratga olgan Ruslan Sorokin “Matonatli”ga prodyuserlik qilishi ma’lum.
Avvalroq “Match TV” telekanali bosh prodyuseri Tina Kandelaki Utkin bilan munosabatlar tiklanishi mumkin ekanini inkor etmagandi. Qayd etish kerak, sharhlovchi 2016-yilning fevral oyida o‘z vazifasidan ozod etilgandi.
Izoh (0)