7-noyabr kuni AQSh elchisi Pamela Spratlen O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurib, turli mavzudagi kitoblarni sovg‘a qildi. Bu haqda “Daryo”ga AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda universitet rektori G‘anisher Rahimov ishtirok etdi.
Hadya qilingan kitoblardan Jahon tillari universiteti qoshidagi Chet tillarini o‘qitishda innovatsion uslublarni rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyuruvchilar hamda universitet talaba va professorlari foydalanishi mumkin.
Chet tillarini o‘qitishda innovatsion uslublarni rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markaziga 460 kitob hadya qilindi. Ular orasida o‘qituvchilarga mo‘ljallangan zamonaviy, amaliy faoliyatga oid qo‘llanmalar, ikkinchi tilni o‘zlashtirishga oid kitoblar, ingliz tilini ikkinchi xorijiy til sifatida o‘rgatish bo‘yicha taniqli mualliflarning grammatika va metodikaga oid kitoblari bor.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga esa 712 kitob hadya qilingan bo‘lib, ular o‘qituvchilarga mo‘ljallangan zamonaviy, amaliy faoliyatga oid qo‘llanmalar, ingliz tili grammatikasi va metodikaga oid kitoblar, mashhur mualliflar qalamiga mansub badiiy asarlardan iboratdir.
Izoh (0)