Iroq armiyasining aksilterror bo‘linmalari Mosul shahrining sharqidagi olti tumanni IShID jangarilaridan tozaladi. Bu haqda operatsiya qo‘mondoni general Abdulamin Yaralla bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
Uning so‘zlariga qaraganda, al-Malayin, as-Samah, al-Hadra, al-Quds, Kirkukli, al-Karama tumanlari ustidan nazorat o‘rnatildi.
“Ekstremistlarning mudofaa chizig‘i biz Ramadini ozod qilishda to‘qnashganimizdagidan ancha zaif bo‘lib chiqdi. Operatsiya davomida maxsus mo‘ljal brigadalarining o‘zi jangarilardan Mosul sharqidagi 38 aholi yashash punktini ozod qildi”, — dedi general.
Bundan tashqari, Mosulga sharqdan yurishga rahbarlik qilayotgan politsiya generali Raid Shokir operatsiya boshlanganidan buyon ming nafar jangari yo‘q qilinganini, 70 dan ortiq aholi yashash punkti ozod etilganini aytdi.
Shuningdek, 4,5 ming oila evakuatsiya qilindi, ekstremistlar o‘rnatgan 130 mina zararsizlantirildi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)