Toshkentda X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlandi. Forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi davlatlardagi firma va kompaniyalarning 1300 dan ortiq vakili qatnashib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzdi, deb xabar qiladi O‘zA.
O‘tgan yilgi forumda sanoat kooperatsiyasi asosida mahsulot xarid qilish bo‘yicha 11,8 trillion so‘mlik, eksport bo‘yicha 8,3 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan edi. Joriy yilda mahsulot sotib olish bo‘yicha shartnomalar qiymati o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb 1,16 marta oshdi.
Kooperatsiya birjasi ishtirokchilari rivojlanish istiqbollarini belgilash, kelgusi yil uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirish va buyurtmalar portfelini shakllantirish imkoniga ega bo‘ldi.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ikki bosqichda o‘tkazildi. Joriy yilning mart-iyun oylarida hududlarda tashkil etilgan o‘n uchta ana shunday tadbirda 5 mingdan ortiq sanoat korxonasi qatnashdi. Ular o‘rtasida mahsulot yetkazib berish hamda sanoat kooperatsiyasi borasida miqdori bir trillion so‘mlikdan ko‘proq shartnomalar imzolandi. Tog‘-kon uskunalari, bog‘dorchilikka mo‘ljallangan mini-traktorlar, elektr generatorlari, tibbiyot jihozlari, yuqori sifatli moy va keramika mahsulotlari va boshqa takliflar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ikkinchi bosqichda mamlakatning qariyb 3 mingdan ortiq korxona, kompaniya va tashkilotlari tomonidan mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, qurilish, metallurgiya, kimyo, neft-gaz, oziq-ovqat, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarning 22 mingdan ziyod nomdagi tayyor mahsulotlari, butlovchi buyumlar va materiallari taqdim etildi. Ularning mingdan ziyodi yangi o‘zlashtirilgan.
O‘n kun davom etgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ellikdan ziyod markazlashtirilgan taqdimotlari o‘tkazildi. Mamlakat hududlari taqdimotida mahalliy resurslarni o‘zlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hamda sanoat tarmoqlarining asosiy korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunida korxona, kompaniya va tashkilotlarning taqdimotlari turli nominatsiyalar bo‘yicha baholanib, faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Hududlarning eng yaxshi taqdimoti nominatsiyasida Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari peshqadamlik qilgan bo‘lsa, eng yaxshi taqdimot o‘tkazgan tashkilot sifatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati e’lon qilindi.
Izoh (0)