29-oktabr, shanba kuni soat 15:00 da bir qancha oliy o‘quv yurtlarida istovchilar o‘zbek tilidagi bilimlarini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shaharning olti nuqtasida “Diktant.uz” loyihasi doirasida barcha xohlovchilar uchun sinov diktantlari o‘tkazildi, deb xabar beradi “Indeks.uz”.
Tadbir tashkilotchilari — UzInfocom markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.
Xat-savodini tekshirish uchun belgilangan joylarga 100 dan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchilari ularga diktant matnlarini o‘qib berdi. Diktant uchun O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobidan parcha tanlab olindi.
Sinov diktantlari Aloqa tarixi muzeyida, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida, Toshkent shahridagi Inha universitetida hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘ldi.
Tashkilotchilar birinchi tajriba muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab o‘tdi. Kelajakda loyihani yanada kengaytirib, sinov diktantlarini viloyatlarda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.